Markaziy bank besh oylik valyuta bozori hisobotini e’lon qildi. Aholining valyuta oldi-sotdisidagi faolligi oshgan, dollar kursi esa barqaror.
Shu bilan birga, yuridik va jismoniy shaxslarning yalpi talabi $25,7 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga ko‘paygan. Mazkur mablag‘dan jismoniy shaxslar xaridi $5,5 mlrdni, yuridik shaxslar ulushi esa $20,2 mlrdni tashkil qildi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutaning yalpi taklifi ham sezilarli darajada oshgan. U o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb $5 mlrdga (28,6 foizga) o‘sib, $22,3 mlrdga yetdi. Hisobot davrida yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi $12,1 mlrdga teng bo‘ldi.
Qayd etilishicha, bozordagi yuqori faollikka qaramay, milliy valyuta kursi AQSH dollariga nisbatan 11 938 – 12 320 so‘m oralig‘ida tebranib, yil boshidagiga qaraganda deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Ayirboshlash kursining o‘rtacha volatilligi esa bor-yo‘g‘i 30 so‘mni (0,25 foizni) tashkil etdi.





