IIV Kiberxavfsizlik markazi MyGov rasmiy portaliga o‘xshash soxta sayt yaratgan jinoiy guruhni qo‘lga oldi. Firagarlar 456 nafar fuqaroning pullarini drop-kartalar va kriptovalyuta orqali o‘zlashtirgan.
IIV Kiberxavfsizlik departamenti xodimlari MyGov (Yagona identifikatsiya tizimi) portaliga o‘xshatib soxta (fishing) sayt yaratgan hamda davlatdan kompensatsiya ajratilishi haqidagi yolg‘on e’lonlar orqali yuzlab fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, kiberfiribgarlik sxemasiga 1993-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs rahbarlik qilgan.
Jinoyatchilar Instagram ijtimoiy tarmog‘ida davlat tomonidan pul kompensatsiyalari to‘lanishi haqida yolg‘on va jozibador reklamalarni joylashtirgan. E’londagi fishing havolasi orqali soxta saytga o‘tgan sodda fuqarolar o‘zlarining bank kartasi maxfiy ma’lumotlarini kiritib qo‘yishgan va oqibatda o‘z hisoblaridagi mablag‘larni firibgarlarga topshirishgan.
Uyushgan jinoiy guruh tarkibiga 2002 va 2006-yilda tug‘ilgan ikki nafar yosh yigit ham kirgan. Mablag‘larni naqdlashtirish va izni yashirish uchun jinoiy guruh 26 nafar uchinchi shaxslar (drop-kartalar) nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta bank kartasidan foydalangan.
O‘g‘irlangan pullar avval ushbu hisoblarda toplanib, so‘ngra Telegram-kriptobotlar orqali kriptovalyutaga o‘tkazilgan va jinoiy daromadlar legallashtirilgan. Umumiy hisobda 456 nafar fuqaro firibgarlik qurboniga aylangan.
Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan Jinoyat kodeksining firibgarlik hamda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga oid tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


