Xivada haykalni o‘pgan sayyoh ayol jarimaga tortildi

Jamiyat

Xivada haykalni o‘pib, video olgan surxondaryolik sayyoh 2 mln so‘m jarimaga tortildi. Sud buni madaniy merosga nisbatan hurmatsizlik deb topdi.

Xiva shahar sudi tomonidan Oltinsoy tumanida yashovchi 25 yoshli M.G.ga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, fevral oyi oxirida Xorazmga ekskursiyaga kelgan ayol Ichan-qal’a majmuasidagi xorazmcha musiqiy san’at arboblari xotirasiga o‘rnatilgan haykalni o‘pgan va ushbu jarayonni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Ushbu holat huquq-tartibot idoralari tomonidan madaniy merosga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholandi.

Sud majlisida ayblanuvchi o‘z qilmishidan afsusdaligini bildirib, homiladorligi sababli yengillik berishni so‘radi. Shunga qaramay, sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi.

Ayolga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2,06 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Mutaxassislar tarixiy obidalar va yodgorliklar bilan suratga tushishda etika qoidalariga rioya qilish zarurligini eslatib o‘tishmoqda.

Pressa.uz