Denov tumani IIB profilaktika bo‘limi sobiq inspektori A. R. voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan uchun 15 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Himoya tomonining e’tirozlariga qaramay, hozircha apellyatsiya shikoyati tushmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sudi tomonidan IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha sobiq inspektor-psixologi A. R.ga nisbatan ochiqlangan jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq inspektor voyaga yetmagan qiz bilan yaqin munosabatda bo‘lganlikda gumon qilingan hamda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi, 129-moddasi 3-qismi va 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Biroq, tergov va sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, 22-iyul kuni sud hukmi bilan A. R. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (Nomusga tegish) hamda 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) bilan aybdor deb topildi. U 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 15 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Jazoni umumiy rejimli davlat tuzatish koloniyalarida o‘tashi belgilandi.
Yaqinda «Negativ» loyihasi doirasida chiqarilgan ko‘rsatuvda ushbu ish bo‘yicha tergov xolisligi hamda protsessual normalarga rioya etilgani savol ostiga olindi. Advokatlarning ta’kidlashicha, sud ularning iltimosnomalarini asossiz rad etgan hamda bir qator guvoh va ekspertlarni so‘roq qilish uchun chaqirmagan. Shuningdek, himoya tomoni ashyoviy dalillarni Respublika sud ekspertizasi markaziga yetkazishda xolislar va tegishli hujjatlashtirishsiz tartib buzilganini, bu esa dalillarning maqbulligini shubha ostiga qo‘yishini bildirdi.
Surxondaryo viloyat sudlari bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunga qadar ushbu sud hukmi ustidan biron-bir shikoyat yoki protest kelib tushmagan.




