Turoperatorlar orqali Misrga sayohat qilishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklar uchun oldindan viza olish shart emas. 1-noyabrdan kirishning yangilangan qoidalari kuchga kiradi.
Turpaketlar bo‘yicha kirish shartlari
1-noyabrdan e’tiboran Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun Misr immigratsiya xizmatining yangilangan yo‘riqnomalari kuchga kiradi.
Turoperator ishtirokisiz mustaqil ravishda sayohat qiluvchi shaxslar oldindan viza rasmiylashtirishlari hamda xavfsizlik xizmati roziligini (Security Approval) olishlari shart bo‘ladi. Tayyor turpaket sotib oluvchi sayyohlar uchun esa mamlakatga oldindan vizasiz kirish tartibi saqlanib qoladi.
Sayyohlar uchun qo‘shimcha talablar
Turoperatorlar orqali amalga oshiriladigan safarlar uchun yangi moliyaviy mezonlar va guruhlar bo‘yicha qoidalar joriy etilmoqda:
-
16 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar faqat oilaviy guruhlar tarkibida (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi yoki aka-ukasi/opa-singlisi hamrohligida) kirishlari mumkin. Tasdiqlangan eng kam pul mablag‘i miqdori har bir oila uchun kamida 5000 AQSh dollarini tashkil etishi kerak.
-
16 yoshdan kichik yoki 40 yoshdan katta bo‘lgan, alohida sayohat qiluvchi turistlar yonida har bir kishi uchun kamida 3000 AQSh dollari bo‘lishi lozim.
Ushbu mezonlarga rioya etilishi parvozga ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin aviakompaniyalar tomonidan tekshiriladi. Talablarga javob bermaydigan yo‘lovchilar reysga qo‘yilmaydi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q