Toshkentda mast Malibu haydovchisi bilan bog‘liq voqeadan so‘ng Sirdaryo IIB podpolkovnigi ishdan olindi. IIV tizimda intizomni mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Ichki ishlar vazirligi o‘tkazgan surishtiruv natijasida ushbu mojaroda ishtirok etgan shaxslarning Sirdaryo viloyati IIB rahbar xodimi bilan yaqin qarindoshlik aloqalari borligi aniqlandi. Mazkur holat tizimda mansab vakolatini suiiste’mol qilish va shaxsiy manfaatlarni xizmat burchidan ustun qo‘yish sifatida baholandi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattorov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu voqea keskin tanqid ostiga olindi. Natijada huquqbuzarning qarindoshi, Sirdaryo viloyati IIB boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan podpolkovnik Sherzod Pardayev vazirlik buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi. Yig‘ilishda bunday salbiy holatlar ichki ishlar organlarining obro‘siga putur yetkazishi alohida ta’kidlandi.
Tizim rahbariyati barcha bo‘linmalarga xizmat intizomini zudlik bilan mustahkamlash va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi. Ma’lum qilinishicha, endilikda xodimlarning nafaqat o‘zlari, balki ularning yaqinlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun ham rahbarlarning shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi. Mast haydovchiga nisbatan esa belgilangan tartibda ma’muriy va jinoiy choralar ko‘rilishi davom etmoqda.






