Toshkent viloyatida 108 gektarlik Milliy dendropark barpo etilmoqda

Jamiyat

Toshkent viloyatida 108 gektar maydonda Milliy dendropark tashkil etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bog‘ning ilk daraxtlarini ekib, «Yashil makon» loyihasining yangi bosqichini boshlab berdi.

Chorshanba kuni davlat rahbari Qibray tumanida, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Green University yaqinida joylashadigan Milliy dendrologik bog‘ning ilk ko‘chatlarini ekdi. Umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etuvchi ushbu yashil hududning dastlabki 5 gektarida bugun 3000 tup manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Bog‘ tarkibida yil davomida in-vitro laboratoriyasi, seleksiya va urug‘chilik markazlari hamda dorivor o‘simliklar bo‘limlari ish boshlashi rejalashtirilgan.

Ekologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, hududga dub, qayin, kashtan, yapon soforasi va lola daraxti kabi iqlimga moslashgan turlar ekilgan. Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident daraxt ekishni milliy qadriyat darajasiga ko‘tarish zarurligini ta’kidlab, har bir ko‘chada va xonadonda yashil maydonlar yaratish uchun maxsus klublar tashkil etishni taklif qildi. Shuningdek, allergologlarning tavsiyalariga amal qilgan holda, aholi salomatligiga zarar yetkazmaydigan daraxt turlarini tanlash muhimligi qayd etildi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mamlakatda ko‘kalamzorlashtirish darajasi 8 foizdan 14,2 foizga ko‘tarilgan. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish, atmosferadagi zararli zarrachalar miqdorini esa 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, «Mening bog‘im» dasturi bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish hajmi 250 milliondan 400 million so‘mga oshirilishi e’lon qilindi.

Pressa.uz