Tibbiyot xodimlariga ipoteka bo‘yicha 25 foizlik boshlang‘ich badal to‘lab beriladi

Jamiyat

O‘zbekistonda 15 yil stajga ega shifokorlarga uy-joy boshlang‘ich badalining 25 foizi to‘lab beriladi. G‘oliblar tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan shifokor va farmatsevtlar uchun uy-joy sotib olishda imtiyozlar berish tartibini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Prezidentning 2025-yil noyabrdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu hujjatga ko‘ra, talabgorlarga ipoteka krediti asosida olinadigan uy-joy boshlang‘ich badalining 25 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, subsidiyalar har chorakda tuman yoki shahar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadigan arizalar asosida beriladi. Arizachilar uchun asosiy mezon — hozirda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotganlik va sohada kamida 15 yillik tasdiqlangan mehnat stajiga ega bo‘lishdir. Mazkur imtiyozdan avval foydalangan shaxslarning arizalari qayta ko‘rib chiqilmaydi.

G‘oliblar shaffoflikni ta’minlash maqsadida random.org portali orqali tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi. Har chorakda jami 125 nafar tibbiyot xodimi subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tanlov jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida onlayn translyatsiya qilinadi. «G‘olib» maqomini olgan xodimlar 6 oy ichida ipoteka shartnomasi va kerakli hujjatlarni tizimga yuklashlari lozim. Hozirda mazkur loyiha muhokamasi davom etmoqda va u 2026-yil 9-aprelga qadar ochiq qoladi.

Pressa.uz