11-aprel kuni o‘zbekistonlik futbolchi Xushnud Avilov 27 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. «Paxtakor» va «Navbahor» kabi jamoalarning sobiq a’zosi yo‘l-transport hodisasi natijasida vafot etgani aytilmoqda.
O‘zbekiston futbol jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Turli yillarda mamlakat Superligasining yetakchi klublarida to‘p surgan himoyachi Xushnud Avilov vafot etdi. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, sportchining o‘limiga mudhish avtohalokat sabab bo‘lgan, biroq rasmiy organlar hozircha yakuniy xulosani e’lon qilgani yo‘q.
Avilov o‘z faoliyati davomida «Qo‘qon-1912», «Andijon» va «Turon» kabi jamoalar sharafini himoya qilgan. Uning professional darajadagi so‘nggi klubi Birinchi liganing «Do‘stlik» jamoasi bo‘ldi. Professional faoliyatini yakunlaganiga qaramay, u havaskorlar safida maydonga tushishda davom etayotgan edi.
1998-yilda Toshkentda tug‘ilgan futbolchi muxlislar xotirasida asosan 21-raqam ostidagi o‘yinlari bilan qolgan. Sobiq jamoadoshlari va futbol klublari Avilovning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirishmoqda.






