Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi

Jamiyat

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi sayyoramizdagi islom madaniyatiga bag‘ishlangan eng yirik muzey sifatida rasman Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan majmuaning o‘lchamlari rekord o‘rnatish uchun asos bo‘ldi. Binoning umumiy maydoni qariyb 50 ming kvadrat metrni, gumbaz balandligi esa 65 metrni tashkil qiladi. Ginnes tashkiloti vakili Seyda Subasi tomonidan topshirilgan maxsus sertifikat ushbu ko‘rsatkichlarni xalqaro darajada tasdiqladi. Shuningdek, majmua turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi unvoniga ham loyiq ko‘rildi.

Hozirda Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki Sharq mutafakkirlari merosini o‘rganuvchi yirik ilmiy va madaniy markaz hisoblanadi. 10 gektar maydonni egallagan ushbu intellektual xab tarixiy qadriyatlarni saqlash va ularni zamonaviy standartlar asosida dunyoga tanitish bo‘yicha global platformaga aylandi.

Pressa.uz