Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp hamda Amerika xalqiga ikkita milliy oʻzbek shiyponlarini sovgʻa qildi. Hunarmandchilik namunalari Vashingtonga yetkazilib, Amerika qahramonlari bogʻida oʻrnatilmoqda.Ushbu maʼlumot nufuzli The New York Times nashri chop etgan maqolada keltirib oʻtilgan.
Sharqona meʼmorchilik va milliy oʻymakorlik sanʼatining nafis ishlangan namunalari boʻlmish ushbu ayvonlar allaqachon Vashingtonga yetkazilgan. Ular AQSh poytaxtidagi Gʻarbiy Potomak parkida joylashtirilmoqda hamda prezident Donald Tramp tashabbusi bilan barpo etilayotgan Amerika qahramonlari milliy bogʻining ajralmas qismiga aylanadi.
Oʻzbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov oʻzining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida ushbu madaniy va diplomatik voqeaga alohida toʻxtalib oʻtdi. Elchining taʼkidlashicha, Vashington markazida qad rostlayotgan oʻzbek milliy sanʼati asarlari ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda muhim oʻrin tutadi:
«Oʻzbekiston prezidentining AQSH prezidenti va Amerika xalqiga sovgʻa qilgan ikkita anʼanaviy oʻzbek shiyponi (ayvoni) oʻzaro doʻstligimiz va strategik sherikligimiz ramzi boʻlib xizmat qiladi», — deb yozdi diplomatiya vakili.
Xorijiy davlat rahbarlarining sovgʻalari roʻyxati
The New York Times nashri oʻz maqolasida xorijiy davlat va hukumat rahbarlari tomonidan Donald Trampga taqdim etilgan boshqa nodir hamda qimmatbaho sovgʻalar roʻyxatini ham keltirgan.
Maʼlum qilinishicha, AQSh prezidentiga topshirilgan eksklyuziv tuhfalar qatorida Qatar davlati tomonidan yuborilgan hashamatli samolyot, Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan inʼom etilgan bir juft tirik qoplon hamda Oʻzbekiston prezidenti tomonidan yuborilgan, yuksak maxorat bilan tayyorlangan oʻzbek shiyponlari bor. Oʻzbek ayvonlari Amerika qahramonlari milliy bogʻining arxitektura ansambliga estetik va madaniy jozoba bagʻishlashi kutilmoqda.



