Samarqandda soqov taksichi bilan prank uyushtirgan yoshlar qamoqqa olindi

Jamiyat

Samarqandda soqov haydovchini masxara qilgan prankchilar 8 va 10 sutkaga qamaldi. Haydovchining guvohnomasi bo‘lmagani aniqlanib, mashina jarima maydonchasiga yuborildi.

YHXB xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, ikki yo‘lovchi go‘yoki imkoniyati cheklangan haydovchini masxara qilayotgani aks etgan videoga nisbatan tezkor choralar ko‘rdi.

Videoda aks etgan shaxslarning barchasi samarqandlik yoshlar ekani va ular shunchaki «shou» yaratish maqsadida ushbu ishga qo‘l urgani aniqlandi. Keyinchalik ular o‘z qilmishlari uchun uzr so‘rab, hech qanday nogiron haydovchi yo‘qligini, bu shunchaki hazil ekanini aytishgan bo‘lsa-da, huquq-tartibot idoralari ushbu holatni jamiyatda axloqsizlikni targ‘ib qilish deb baholadi.

Surishtiruv davomida videoda haydovchi rolini o‘ynagan yigitning umuman haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi (hujjatlari bo‘lmagan shaxsning transport vositasini boshqarishi) bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi. Mazkur prank ijtimoiy axloq normalarini oyoqosti qilgani uchun yoshlarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi.

Sud qaroriga ko‘ra, hujjatsiz mashina boshqargan va prankda ishtirok etgan «haydovchi»ga 8 sutka, yo‘lovchi rolidagi ikki nafar sherigiga esa 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Mutasaddilar ijtimoiy tarmoqlarda obunachi to‘plash maqsadida inson qadr-qimmatini yerga uruvchi videolarni suratga olish qonun bilan jazolanishini yana bir bor eslatib o‘tdilar.

Pressa.uz