Rossiya OAV O‘zbekiston prezidenti bortini “AQSh harbiy samolyoti” deb qabul qildi

Rossiya OAV O‘zbekiston prezidenti bortini “AQSh harbiy samolyoti” deb qabul qildi Dunyo

Rossiya axborot makonida to‘lqin Telegram-kanallarda Vashingtondan uchib chiqqan va Rossiya havo hududini kesib o‘tib, Qozog‘iston chegarasiga yo‘l olgan “sirli” Boeing 787 haqida xabarlar tarqalishi bilan boshlandi. Oradan ko‘p o‘tmay, mavzuni yirik nashrlar ham ko‘tarib, parvozni noodatiy hodisa sifatida talqin qildi.

Xususan, “Gazeta.Ru” harbiy ekspert izohiga tayanib, bu AQSh Harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyot bo‘lishi va ehtimol transport missiyasini bajarayotgani haqida taxmin bildirdi. Material AQSh harbiy samolyoti tasviri bilan birga e’lon qilindi.

Aslida esa gap O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev borti haqida borgan. Layner davlat rahbarining “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammitidagi ishtirokidan so‘ng AQShdan qaytayotgan edi.

Aviaparvozlarni monitoring qiluvchi ochiq servislar ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Vashington yaqinidagi “Endryus” aviabazasidan mahalliy vaqt bilan 14:12 da (Toshkent vaqti bilan 00:12) uchib chiqqan. Marshrut Kanada, Grenlandiya, bir qator Yevropa davlatlari, Rossiya va Qozog‘iston hududi orqali o‘tgan. Bort Toshkentga 12:14 da yetib kelgan.

Prezidentning AQShdan jo‘nab ketgani haqidagi rasmiy xabar keyinroq — Toshkent vaqti bilan 2:40 da e’lon qilindi. Bundan o‘n daqiqa oldin davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov parvoz ish jarayonini davom ettirish uchun foydalanilayotganini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 soatlik parvoz tashrif yakunlarini muhokama qilish, tarmoq va hududiy tuzilmalar rahbarlari bilan telefon va videomuloqotlar o‘tkazish, shuningdek keyingi rejalarni kelishib olish uchun maydon vazifasini bajargan.

Shu tariqa, Rossiya axborot maydonida muhokamalarga sabab bo‘lgan “noma’lum” Boeing O‘zbekiston prezidentining rasmiy samolyoti bo‘lib, xalqaro tadbirdan so‘ng ortga qaytayotgan reysni amalga oshirgan.

Пресса.uz
Pressa.uz