Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev hokimiyatni bosib olishga urinishda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud hukmi bilan jazo shartli probatsiya muddatiga almashtirildi.
Hukmga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev hamda yana etti nafar taniqli siyosatchi “Hokimiyatni kuch ishlatib bosib olish” moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Sudya Aziret Mederov Qamchibek Tashiyevga mol-mulkini musodara qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayyorladi.
Shu bilan birga, sud Tashiyev va boshqa mahkumlarga nisbatan tayinlangan qamoq jazosini 3 yillik probatsiya nazorati bilan almashtirish haqida qaror chiqardi. Shu sababli jazo olgan shaxslar koloniyaga yuborilmaydigan bo‘ldi, biroq ma’lum muddat davomida nazorat ostida yashaydilar. Sobiq amaldorlar mansab vakolatini suiste’mol qilish moddasi bo‘yicha esa butunlay oqlandilar. Fevral oyidan buyon hibsda o‘tirgan besh nafar sudlanuvchi, xususan, sobiq deputat Aali Karashev va IIV rahbari sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov sud zalining o‘zidanoq ozodlikka qo‘yib yuborildi.
Qamchibek Tashiyevning advokati Ikramidin Aytkulov sud hukmidan mutlaqo norozi ekanligini va yaqin kunlarda yuqori instansiyaga apellyatsiya shikoyati kiritishini ma’lum qildi. Boshqa mahkumlarning himoyachilari ham ayblovlar butunlay olib tashlanishini talab qilmoqdalar. Ma’lumot o‘rnida, ushbu jinoiy ish siyosatchilar guruhining mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish talabi yozilgan murojaati ortidan boshlangan edi. Tergov buni hokimiyatni ag‘darishga qaratilgan harakat deb baholagan.




