O‘zbekistonda ijtimoiy ish sohasining huquqiy asoslarini belgilovchi qonun qabul qilindi. Hujjat bilan ijtimoiy xodimlarning maqomi, xizmat ko‘rsatish standartlari hamda sohaga mas’ul vakolatli organ belgilanmoqda.
O‘zbekistonda ijtimoiy ish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining huquqiy poydevorini kompleks ravishda tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjat ijtimoiy ishni tashkil etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini nazorat qilish va ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomini aniq belgilashga qaratilgan.
Yangi qonun bilan ijtimoiy ish joriy etiladigan asosiy sohalar doirasi belgilandi. Endilikda ijtimoiy ish amaliyoti tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jazoni ijro etish tizimida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, hujjatda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va oilalarni aniqlash, ularga ushbu maqomni berish, ijtimoiy xizmat va yordam tayinlash hamda ularni tugatishning aniq huquqiy asoslari va tartibi o‘z aksini topgan.
Qonunchilikdagi muhim yangiliklardan biri — ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va ularni yagona Ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar reyestriga kiritish tartibining joriy etilishidir. Hozirda respublika bo‘yicha mingdan ortiq nodavlat tashkilotlar aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlar standartlariga qo‘yiladigan talablar qonuniy mustahkamlandi (bugungi kungacha 24 ta milliy va 7 ta xalqaro standart qabul qilingan). Sohadagi davlat nazorati esa yagona vakolatli organ — Ijtimoiy inspeksiyaga yuklatildi, ilgari bu vazifa turli idoralar va mahalliy hokimliklar o‘rtasida tarqoq holda edi.
Hujjatda ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni ijtimoiy himoya qilish choralari hamda ushbu kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga doir cheklovlar belgilab qo‘yildi. Hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida 9 mingga yaqin, shuningdek ichki ishlar organlari va NNTlarda yuzlab ijtimoiy xodimlar mehnat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Nurafshon shahrida Agentlikning yangi Ijtimoiy himoya majmuasi bilan tanishib, ushbu tajribani kengaytirish hamda respublika bo‘ylab shunday hududiy markazlar sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.





