O‘zbekistonda To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tuziladi. Yangi tizim inqirozga uchragan korxonalarni bankrotlikdan asrab qolishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarini inqirozdan olib chiqishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. Davlat rahbari ishtirokidagi taqdimotda qayd etilishicha, hozirda mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektor ulushi 58 foizga yetgan, biroq faoliyatini to‘xtatayotgan korxonalar soni ortib bormoqda. Amaldagi sanatsiya (sog‘lomlashtirish) mexanizmlari past samaradorlik ko‘rsatmoqda, bu esa tizimli islohotlarni talab etadi.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik hamda Sud boshqaruvchilari palatasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yangi tuzilmalar zimmasiga nafaqat bankrotlik jarayonlarini nazorat qilish, balki korxonalarning moliyaviy ahvolini tahlil qilib, ularni inqirozdan asrab qolish vazifasi yuklanadi. Shuningdek, sudgacha sanatsiya qilish mexanizmlari kengaytirilib, tadbirkorlarga soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirish imkoniyati beriladi.
Islohotlarning yana bir ustuvor yo‘nalishi — sohani raqamlashtirishdir. Bankrotlik tartib-taomillarining shaffofligini ta’minlash maqsadida yagona elektron platforma ishga tushiriladi. Bu tizim ma’lumotlar almashinuvini tezlashtiradi va sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytiradi. Prezident ta’kidlaganidek, davlat uchun nafaqat yangi korxonalar ochish, balki mavjud biznesni saqlab qolish va ularga qiyin pallada o‘z vaqtida yordam berish muhim strategik vazifa hisoblanadi.






