O‘zbekistonda 28-iyundan o‘rmon hududlarida noqonuniy qurilish va yong‘in xavfsizligini buzish uchun jarimalar miqdori oshiriladi. Yangi qonun tafsilotlari va jadvallar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni tabiatni muhofaza qilish sohasida javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunni imzoladi. Lex.uz portalida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartib 2026-yil 28-iyundan boshlab rasman kuchga kiradi.
Islohotning asosiy qismlaridan biri — o‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish va u yerda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilishni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanishidir. Endilikda bunday qilmish uchun fuqarolarga 41,2 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 82,4 mln so‘mgacha (200 BHM) jarima qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, o‘rmonlarda o‘tlarni o‘rish, chorva boqish va o‘simlik dunyosiga zarar yetkazish bilan bog‘liq sanksiyalar ham bir necha baravarga oshirildi.
Ayniqsa, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari sezilarli darajada qat’iylashtirildi. Agar avval fuqarolar 5 BHM gacha jarimaga tortilgan bo‘lsa, iyundan boshlab bu ko‘rsatkich 25 BHM gacha (10,3 mln so‘m) ko‘tariladi. Mansabdor shaxslar uchun esa birinchi huquqbuzarlikning o‘ziyoq 30,9 mln so‘m (75 BHM) miqdoridagi xarajatga sabab bo‘lishi mumkin. Takroriy huquqbuzarlik holatlarida esa jarima miqdori 100 BHM gacha yetadi.






