O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyati vaqtinchalik cheklanadi

O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyati vaqtinchalik cheklanadi Jamiyat

O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyati vaqtinchalik cheklanadi. Energetika vazirligi havo harorati pasayishi sababli aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini gaz bilan ta’minlashga ustuvorlik berilishini ma’lum qildi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, mamlakat bo‘ylab metan zapravkalar faoliyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklovlar 4-mart soat 19:00 dan 5-mart soat 10:00 ga qadar amal qiladi. Bunday qaror qabul qilinishiga havo haroratining pasayishi natijasida aholi o‘rtasida tabiiy gaz iste’molining keskin ortishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayib ketgani sabab bo‘lgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, mavjud resurslar birinchi navbatda aholi xonadonlari, shuningdek, maktablar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror gaz bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, jamoat transporti va ijtimoiy muassasalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari uchun gaz yetkazib berishda cheklovlar ko‘zda tutilmagan. Ushbu toifadagi iste’molchilar uchun yoqilg‘i ta’minoti uzluksiz davom ettiriladi.

Energetika tizimi mutasaddilari magistral quvurlardagi bosim barqarorlashishi bilan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari (AGTKSH) o‘z ish rejimiga qaytishini bildirdi. Iste’molchilardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklarni to‘g‘ri tushunish so‘ralgan. Hozirda soha mutaxassislari respublika bo‘ylab energiya resurslarini adolatli taqsimlash va favqulodda uzilishlarning oldini olish choralarini ko‘rmoqda.

Пресса.uz
Pressa.uz