O‘zbekistonda dori vositalarining samaradorligi xalqaro manbalar asosida tekshiriladi

Jamiyat

O‘zbekistonda dorilar samaradorligi 12 ta xalqaro manba asosida tekshiriladi. Natijalar ochiq e’lon qilinadi va preparatlar 3 ta toifaga ajratiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi dorilarning samaradorligini 12 ta xalqaro ilmiy manba ma’lumotlari asosida tahlil qiladi. Baholash jarayoniga mustaqil ekspert komissiyalari jalb etilishi belgilangan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, barcha dori vositalari uchta asosiy guruhga tasniflanadi: samaradorligi isbotlangan, isbotlanmagan hamda ilmiy manbalarda ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani sababli o‘rganilmagan preparatlar. Ushbu tasniflash shifokorlar va iste’molchilarga dori tanlashda aniq ilmiy asoslarga tayanish imkonini beradi.

Eng muhimi, har bir preparat bo‘yicha chiqarilgan xulosa maxfiy qolmaydi. Ekspertiza natijalari muntazam ravishda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi. Bu chora bozorda «fuflo-preparatlar» ulushini kamaytirish va aholining sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Pressa.uz