O‘zbekistonda binolar fasadi va evakuatsiya yo‘laklarida yonuvchan materiallardan foydalanishga cheklov o‘rnatildi. Baland binolar va ijtimoiy ob’yektlar uchun talablar kuchaytirildi.
2026-yil 27-martdagi yangi tahrirdagi hujjat qurilish ob’yektlarida yong‘in kelib chiqishi va uning tez tarqalishi xavfini minimallashtirishni ko‘zda tutadi. Asosiy e’tibor fasadlarni pardozlashda ishlatiladigan materiallarning alangalanish darajasiga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, qurilish ashyolari yonuvchanlik darajasi bo‘yicha to‘rtta toifaga ajratildi. Balandligi 28 metrgacha bo‘lgan inshootlarda faqat past darajada yonuvchi (2–4 toifadagi) qoplamalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Balandligi 28 metrdan oshadigan ko‘p qavatli binolar, shuningdek, barcha ta’lim va tibbiyot muassasalarida har qanday turdagi yonuvchan pardozlash ashyolarini qo‘llash qat’iyan man etiladi.
Bundan tashqari, yong‘in vaqtida odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilish yo‘laklari — zinapoyalar, dahlizlar va chiqish yo‘llari, shuningdek, podvallarda devor hamda shiftlarni pardozlashda ham qat’iy cheklovlar o‘rnatildi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu choralar zamonaviy qurilishda yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish va favqulodda vaziyatlarda insonlar hayotini saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.






