O‘zbekistonda 2026-yilning mart oyi me’yordagidan issiqroq keldi

Jamiyat

O‘zbekistonda joriy yilning mart oyi anomal issiq ob-havo bilan yodda qoldi. Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, oyning o‘rtacha harorati respublika bo‘yicha me’yordan 1–2 darajaga, shimoliy hududlarda esa 2,5–3,5 darajagacha yuqori bo‘lgan. Garchi yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha ko‘rsatkichlar doirasida bo‘lsa-da, haroratning keskin tebranishlari qishloq xo‘jaligiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Oyning birinchi va ikkinchi o‘n kunligi barqaror bo‘lmadi: 10–13-mart kunlari harorat keskin pasayib, kechalari 2–13 darajagacha sovuq kuzatildi. Ushbu ayozli kunlar anomal issiq kelgan fevral oyidan so‘ng sodir bo‘lgani vaziyatni murakkablashtirdi. Fevralda erta gullagan danakli mevali daraxtlar va issiqsevar ekinlarning gullari respublikaning qator tumanlarida sovuq urishi natijasida shikastlandi. Faqatgina Surxondaryo viloyati mart oyidagi ayozli kunlardan talafotsiz o‘tdi.

Shu bilan birga, mart oyining maksimal harorati mutlaq rekordlarni yangilamagan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona vodiysi, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida ko‘rsatkichlar tarixiy maksimumga juda yaqin keldi. Mutaxassislar XXI asrda mart oyida harorat ko‘tarilishi bo‘yicha barqaror tendensiya saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda. 2026-yilgi mart oyi asr boshidagi eng issiq yillar (2008, 2016, 2018-2020, 2023) qatoriga kirmasa-da, minimal harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘plab rekordlardan yuqori bo‘ldi.

Pressa.uz