O‘zbekiston Index of Economic Freedom 2026 reytingida 86-o‘rinni egallab, ilk bor «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoridan joy oldi. Savdo erkinligi 80,6 ball deb baholandi.
The Heritage Foundation tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilingan «Index of Economic Freedom 2026» reytingida O‘zbekiston 60,3 ball to‘pladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 2,3 punktga ko‘pdir. Ushbu o‘sish evaziga respublika o‘z tarixida birinchi marta moderately free (o‘rtacha erkin) toifasiga kiritildi. Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha o‘rtacha erkinlik darajasi 59,9 ballni tashkil etadi.
Iqtisodiy erkinlikning oshishi real raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. Tashqi savdo aylanmasi 2023-yildagi $63,5 mlrd ko‘rsatkichdan 2025-yil yakuniga ko‘ra $81,2 mlrdga yetgan. Eksport hajmi esa $33,8 mlrdni tashkil etmoqda. 2026-yilning dastlabki ikki oyidagi natijalar ham o‘sish sur’ati davom etayotganini ko‘rsatmoqda ($11,6 mlrd, o‘sish 7,1%). Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonning global indeksdagi ushbu muvaffaqiyati mamlakatning xalqaro bozordagi nufuzini yanada oshiradi.






