JSST va Our World in Data ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshdan katta aholining 64 foizi ortiqcha vaznga ega. Mamlakat MDHda birinchi o‘rinni egalladi. Semizlik va uning oqibatlari haqida batafsil.
O‘zbekistonda katta yoshli aholining qariyb 64 foizida tana vazni me’yordan yuqori ekani aniqlandi. Bunga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Global Health Observatory bazasi asosida Our World in Data (OWID) platformasi e’lon qilgan statistik ma’lumotlar guvohlik bermoqda. Mamlakat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) hududida birinchi o‘rinni egalladi.
Tadqiqotga ko‘ra, 18 yoshdan oshgan fuqarolar orasida tana massasi indeksi (TMI) 25 va undan yuqori bo‘lganlar ulushi ketma-ket o‘sib bormoqda. JSST mezonlariga muvofiq, TMI ko‘rsatkichi 25,0–29,9 oralig‘ida bo‘lsa ortiqcha vazn, 30,0 va undan yuqori bo‘lsa semizlik deb baholanadi.
MDH va dunyo mamlakatlari bilan taqqoslama
O‘zbekiston mintaqadagi qo‘shnilari va MDHning boshqa a’zolaridan tana massasi ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘zining salbiy ko‘rsatkichlari bilan o‘zib ketgan:
-
O‘zbekiston — 64%
-
Ozarbayjon — 63%
-
Moldova — 61%
-
Turkmaniston va Tojikiston — 58%
-
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Armaniston — 56%
-
Belarus — 55%
Global miqyosda esa katta yoshli aholining o‘rtacha 45 foizi ortiqcha vaznga ega. Dunyo bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Tinch okeanidagi Tonga davlatida qayd etilgan (91%), eng past ko‘rsatkichlardan biri esa Yaponiyada ko‘zga tashlanadi (24%).
Tana massasi indeksi (TMI) qanday hisoblanadi?
TMI — inson vaznining bo‘y o‘lchamiga mutanosibligini aniqlovchi xalqaro indikator hisoblanadi. U quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi: vazn (kg) bo‘y o‘lchamining kvadratiga (m²) bo‘linadi.
Hisoblashga misol: Vazni 97 kg, bo‘yi 177 sm (1,77 m) bo‘lgan odam uchun:
TMI = 97 : (1,77)² = 30,96 (bu ko‘rsatkich semizlikning 1-darajasini anglatadi).
Yurak-qon tomir kasalliklari va o‘lim xavfi
JSST semizlikni oddiy estetik muammo emas, balki surunkali kasallik sifatida tasniflaydi. Ortiqcha vazn 2-tur qandli diabet, arterial gipertoniya, jigar yog‘bosishi va ayrim saraton turlari rivojlanishiga zamin yaratadi.
IHME Global Burden of Disease ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yurak-qon tomir tizimi kasalliklari barcha o‘lim holatlarining 52,8 foizini tashkil qilmoqda. Har 100 ming aholiga ushbu patologiyalardan vafot etish ko‘rsatkichi 522,4 tani tashkil etadi.
Yurak kasalliklari rivojlanish xavfi darajalari:
-
TMI < 18,5 — past (lekin boshqa xastaliklar xavfi bor);
-
TMI 18,5–24,9 — me’yoriy (xavf darajasi odatdagidek);
-
TMI 25,0–29,9 — yuqori;
-
TMI 30,0–34,9 — juda yuqori;
-
TMI ≥ 40,0 — favqulodda xavfli.
Mutaxassislar mamlakatda jismoniy harakatsizlik, uglevod va yog‘ga boy taomlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish hamda ovqatlanish madaniyatining yetishmasligi ushbu muammoni chuqurlashtirayotganini ta’kidlamoqda.



