Eronning marhum rahbari Ali Hominiyning o‘g‘li Mojdtaba Hominiy Eron oliy rahnamosi lavozimiga asosiy nomzod deb topildi. Uning nomzodi Ekspertlar kengashi tomonidan faol muhokama qilinmoqda.
The New York Times nashri eronlik mulozimlarga tayanib xabar berishicha, Mojdtaba Hominiy Eron oliy rahnamosi lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. 1989-yildan buyon mamlakatni boshqarib kelgan va AQSH bilan harbiy to‘qnashuv paytida halok bo‘lgan Ali Hominiyning 56 yoshli o‘g‘li hozirda Ekspertlar kengashi diqqat markazida turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning tayinlovi haqida 4-mart kuni e’lon qilinishi kutilgan edi, biroq rasmiy Tehron yangi rahbarni AQSH va Isroil hujumlari nishoniga aylantirib qo‘ymaslik maqsadida e’lonni kechiktirmoqda.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Mojdtaba Hominiy nomzodini faol qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda. Iran International va Deutsche Welle nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Ekspertlar kengashi kuchishlatar tuzilmalar bosimi ostida aynan uni yangi yetakchi sifatida tanlagan. Garchi Mojdtaba Hominiy Eron oliy rahnamosi lavozimiga asosiy nomzod bo‘lsa-da, muqobil variantlar sifatida oyatullo Alireza Arafiy va islom respublikasi asoschisining nabirasi Hasan Xumayniy nomlari ham tilga olinmoqda.
Hozircha Eron hukumati ushbu ma’lumotlarni rasman tasdiqlagani yo‘q. Vaziyat mintaqadagi ochiq harbiy qarama-qarshiliklar fonida yanada murakkablashmoqda. IIMKning qo‘llab-quvvatlashi Mojdtabaning mamlakat ichkarisidagi mavqeyini mustahkamlasa-da, bo‘lajak davlat rahbarining xalqaro maydondagi legitimligi va xavfsizligi masalasi hokimiyatning yuqori doiralarida jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.








