Markaziy Osiyo davlatlari global terrorizm indeksida eng xavfsiz hududlar qatoridan joy oldi

Dunyo

Markaziy Osiyo davlatlari 2026-yilgi Global terrorizm indeksida eng xavfsiz mamlakatlar qatoriga kirdi. O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar terror xavfi past hududlar sifatida qayd etildi.

Yaqinda e’lon qilingan xalqaro tadqiqot natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari terrorizm tahdidi bo‘yicha dunyoning eng tinch nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Global Terrorism Index 2026 reytingida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston nol ballik ko‘rsatkich bilan hisobot davrida birorta ham terrorchilik hodisasi qayd etilmagan davlatlar sifatida e’tirof etildi. Ushbu uch mamlakat dunyoning 163 ta davlati orasida birgalikda 100-o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda ijobiy ko‘rsatkichlarni saqlab qoldi. Mamlakatimiz 0,114 ball bilan 96-pog‘onani band etgan holda, terrorizm xavfi o‘ta past bo‘lgan davlatlar kategoriyasida qolmoqda. Bu natija respublikada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tizimli choralar samaradorligini ifodalaydi.

Mintaqadagi davlatlar orasida faqat Tojikistonda ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘lib, u reytingda 41-o‘rinni band etgan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo global miqyosda barqaror va xavfsiz hudud sifatida o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda. IEP tahlilchilari xavfsizlik borasidagi bunday natijalar iqtisodiy rivojlanish va investitsion jozibadorlik uchun muhim poydevor bo‘lishini ta’kidlashmoqda.

Pressa.uz