JSST Yevropa mintaqaviybyurosi rahbari Xans Klyuge anomal issiqlik tufayli favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. U davlatlarni aholi salomatligini muhofaza qilish rejalarini zudlik bilan joriy etishga chaqirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi yaqinlashib kelayotgan yangi anomal issiqlik to‘lqinlari munosabati bilan jiddiy xavotir bildirdi. Tashkilotning mintaqaviy direktori doktor Xans Xenri P. Klyuge anomal issiqlik sababli favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda JSSTga a’zo 41 ta davlat, Yevropa komissiyasi va bir qator jamoat tashkilotlaridan 130 dan ortiq vakillar ishtirok etdi. Ushbu shoshilinch yig‘ilishga ob-havo prognozlari sabab bo‘ldi: Atlantika okeani uzra yangi issiqlik tooni shakllanmoqda, buning oqibatida joriy haftada Portugaliya va Ispaniya janubida harorat 43°C ga yetishi, Fransiya va Benilyuks mamlakatlarida ham keskin issiq kuzatilishi kutilmoqda. JSST rahbari ushbu iqlimiy inqiroz boshqa hududlarni ham chetlab o‘tmayotganini, xususan, Markaziy Osiyoning qator davlatlarida ham ayni kunlarda 40°C dan yuqori issiq hukm surayotganini alohida ta’kidladi.
Doktor Klyuge davlatlarni ekstremal issiqlikni shunchaki ob-havo hodisasi emas, balki aholi salomatligiga tahdid soluvchi favqulodda holat deb baholashga chaqirdi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, issiqlik paytida aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini oldindan joriy qilgan mamlakatlarda (Italiya, Ispaniya, Avstriya, Belgiya va Fransiya) shifoxonalarga tushadigan yuklamani kamaytirish va insonlar hayotini saqlab qolishga erishilgan. Bunday samarali tizim meteorologik ogohlantirishlarni tibbiyot, ijtimoiy himoya, mehnat muhofazasi va shaharsozlik choralari bilan o‘zaro bog‘laydi. Biroq, JSST eng xavfli muammo sifatida Yevropa mintaqasidagi davlatlarning hatto yarmi ham bunday milliy harakatlar rejasiga ega emasligini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan mamlakatlar qator tizimli kamchiliklarni sanab o‘tdilar. Masalan, ko‘plab fuqarolar hatto “qizil” xavflilik darajasi e’lon qilinganda ham issiqning shaxsiy salomatlikka salbiy ta’sirini yetarlicha his qilmaydilar. Shuningdek, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi iqlim o‘zgarishlariga moslashmagan, jamoat sovitish markazlari yetishmaydi, qariyalar uylari turgunlari, uysizlar va yolg‘iz keksalar kabi aholining zaif qatlamlari esa ko‘pincha yordamsiz qolib ketmoqda. JSST barcha 53 ta a’zo davlatga anomal issiqlikka qarshi kurashish va vazirliklararo muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.





