O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov o‘nta turda oltita g‘alaba qayd etib, turnir tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Sindarov ayni paytda eng yaqin ta’qibchisidan ikki ochkoga o‘zib ketgan.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov Nomzodlar turnirining o‘nta turidan so‘ng sensatsion natija qayd etib, jadvalda yakka peshqadamga aylandi. U 10 imkoniyatdan 8 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Musobaqa davomidagi oltita g‘alaba — turnirning hozirgi shakli joriy qilinganidan beri shaxmatchilar erishgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ayni paytda hamyurtimiz va boshqa da’vogarlar o‘rtasidagi farq sezilarli darajada kengaygan: Anish Giri ikki ochko, Fabiano Karuana esa uch ochko ortda qolmoqda. 10-turda raqiblarning durang o‘ynashi Sindarovning pozitsiyasini yanada mustahkamladi.
Endi barcha e’tibor 11-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan 11-tur bahslariga qaratilgan. Unda Javohir Sindarov asosiy raqiblaridan biri Karuana bilan kuch sinashadi. Eslatib o‘tamiz, 15-aprelda tugaydigan ushbu musobaqa g‘olibi jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan toj uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritadi.







