Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan samolyotda ikkinchi uchuvchi kapitanga bolta bilan hujum qildi. Isroil harbiy qiruvchilarini havo xavfini zararsizlantirish uchun havoga ko‘tardi.
Bortdagi fojiali hodisa va favqulodda chora-tadbirlar
30-sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasining 1073-reysi bortida mudhish voqea sodir bo‘ldi. Samolyotning ikkinchi uchuvchisi, 29 yoshli Ummon fuqarosi Hammam al-Hammami kapitanga bolta bilan hujum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u samolyotni Ben Gurion aeroporti yoki Isroildagi strategik binolardan biriga qulatishni rejalashtirgan.
Samolyot 4,3 kilometr balandlikka pastlagach, Isroil harbiy-havo kuchlari kokpit bilan bog‘lanishga uringan, biroq javob olmagan. Shundan so‘ng Isroilda zudlik bilan maxsus qo‘mondonlik markazi tuzilib, mamlakat havo hududi yopildi hamda favqulodda xavfni bartaraf etish uchun qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi.
Yo‘lovchilar jasorati va hujumning qaytarilishi
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot kapitani ikkinchi uchuvchining zarbasiga qaramay, kokpit eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng salondagi yo‘lovchilar Hammam al-Hammamini zararsizlantirgan. Hujum paytida samolyot boshqaruvini barqarorlashtirishdayo‘lovchilardan biri — kasbi santexnik bo‘lgan shaxs va bortda bo‘lgan Flydubai’ning ikki nafar off-duty uchuvchisi yordam bergan.
Samolyot Isroil chegarasidan taxminan 640 kilometr uzoqlikda Saudiya Arabistoni tomonga burilgach, Isroil qiruvchilariga ortga qaytish buyrug‘i berilgan. Isroil xavfsizlik protokollariga muvofiq, agar olib qochilgan samolyot tinch aholi va strategik obyektlarga xavf tug‘dirsa, uni osmonda urib tushirish vakolati faqat mamlakat Bosh vaziriga beriladi.





