Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino AQSH, Meksika va Kanadada o‘tayotgan turnirga yuqori baho berdi. Ravshon Ermatov esa O‘zbekiston termasining o‘yinlari haqida fikr bildirdi.
Tashkilot matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Infantino musobaqa o‘tayotgan mamlakatlardagi stadionlar muxlislar bilan to‘lib-toshayotgani, shaharlar jonli hayot bilan qaynayotgani va arenalarda ajoyib muhit hukmron ekanini ta’kidlagan. Ayniqsa, ishqibozlar orasida oilalar, ayollar va bolalar ko‘pligi quvonarli hol ekani qayd etildi. Ma’lumot uchun, ushbu jahon chempionati 11-iyun kuni start olgan bo‘lib, 19-iyulga qadar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida davom etadi.
Ushbu nufuzli turnirda ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining natijalari ham diqqat markazida bo‘lib turibdi. Guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyadan qabul qilingan yirik (0:5) mag‘lubiyatdan so‘ng, bosh murabbiy Fabio Kannavaro va jamoa futbolchilari mazkur turnirdagi ishtirok milliy terma uchun ulkan tajriba maktabi bo‘layotganini bildirishdi.
O‘z navbatida, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘yindagi hakamlik masalasiga to‘xtalib o‘tdi. U hisob 2:0 bo‘lib turgan pallasida O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan urilgan gol inobatga olinganini biroz adolatsizlik deb hisoblashini yashirmadi. Shunday bo‘lsa-da, Ermatov jamoa hozirda o‘sish bosqichini o‘tayotganini va mamlakatda futbolni rivojlantirish uchun davlat rahbari tomonidan barcha sharoitlar yaratilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega va yillar o‘tib Portugaliya kabi kuchli jamoalar ham mamlakatimizga qarshi maydonga tushishdan cho‘chiydigan bo‘ladi.





