Farg‘onada «Issiqlik ta’minoti» MCHJ mansabdorlari issiqlik energiyasi hajmini hujjatlarda soxtalashtirib, byudjetdan 12,9 milliard so‘m subsidiyani o‘zlashtirgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Farg‘ona viloyatida aholiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hajmini hujjatlarda soxtalashtirish orqali davlat byudjetidan yirik miqdordagi subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Jinoyat sxemasi va yetkazilgan zarar
Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida viloyat “Issiqlik ta’minoti” MCHJ mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Mas’ullar 2024–2025-yillar hamda 2026-yilning yanvar–may oylari oralig‘ida aholiga amalda yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hajmini bir necha baravarga oshirib ko‘rsatgan.
Hujjatlarga ko‘ra, iste’molchilarga haqiqatda 85,7 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsada, viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasiga topshirilgan hisobotlarda ushbu ko‘rsatkich soxtalashtirilib, 212,3 ming Gkal qilib ko‘rsatilgan. Usbu soxta ma’lumotlar evaziga davlat byudjetidan 12,9 milliard so‘m ortiqcha subsidiya ajratilishiga erishilgan va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Tergov harakatlari
Hozirda mazkur holat yuzasidan “Issiqlik ta’minoti” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquq-tartibot organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


