Dominikan Respublikasidagi aeroportda Gulfstream G200 xususiy samolyoti qo‘nishga urinishda qulab tushdi va yonib ketdi. Bortda bo‘lgan ikki nafar uchuvchi halokat joyida vafot etdi.
Fojia sodir bo‘lgan vaqtda samolyot bortida yo‘lovchilar bo‘lmagan, faqat ekipaj a’zolarining o‘zi bo‘lgan.
Favqulodda qo‘nishga urinish Samolyot dastlab Puerto-Rikodan Dominikan Respublikasiga uchib kelgan. La-Romana xalqaro aeroportida yonilg‘i quyib olgach, u charter reysi bilan AQSHning Texas shtatiga yo‘l olishi kerak edi.
Biroq parvozdan bir necha daqiqa o‘tgach, ekipaj texnik muammolar yuzaga kelgani haqida dispetcherlarga xabar bergan va ortga qaytishga ruxsat so‘ragan. Uchuvchi samolyotni aeroportga shoshilinch ravishda qo‘ndirishga harakat qilgan, ammo qo‘nish jarayonida havo kemasi muvozanatni yo‘qotib, uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqiniga qulagan va portlab ketgan.
Dominikan Respublikasining aviatsiya ma’muriyati holat yuzasidan rasmiy tergov boshladi. Mutaxassislar ekipaj xabar bergan nosozlik sabablarini o‘rganmoqda.
Samolyot taniqli sportchi uchun ketayotgan edi Ushbu xususiy samolyot taniqli sobiq beysbolchi Yadier Molina va uning oilasi uchun mo‘ljallangani ma’lum bo‘ldi. Molina Instagram’dagi sahifasida ushbu fojiadan chuqur Qayg‘uda ekanini bildirdi. Uning yozishicha, samolyot uni, oilasi hamda yaqin do‘stlarini olib ketish uchun La-Romanaga kelayotgan bo‘lgan.
43 yoshli Yadier Molina beysbol tarixidagi eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida tan olingan. U o‘zining butun professional faoliyatini mashhur “Kardinals” (St. Louis Cardinals) jamoasida o‘tkazgan bo‘lib, uning tarkibida to‘rt marta Jahon seriyasida ishtirok etgan va ikki bor chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Aydaho shtatida o‘tkazilgan “Gunfighter Skies” aviashousida ikkita qiruvchi samolyot havoda to‘qnashib ketgan, biroq to‘rt nafar ekipaj a’zosi katapulta qilishga ulgurgani sababli hech kim halok bo‘lmagan edi.




