Bo‘stonliqda uchta mushukni vahshiylarcha o‘ldirgan ikki kishiga sud hukmi o‘qildi. Aybdorlar 15 va 10 sutkaga qamaldi, qurol musodara qilindi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlaridan birida hayvonlarga nisbatan sodir etilgan o‘ta shafqatsiz munosabat ijtimoiy tarmoqlarda keng rezonans uyg‘otdi. «Yangiqo‘rg‘on» mahallasidagi mehmonxona majmuasi hududida uchta mushuk o‘qotar quroldan otib o‘ldirilgani, ulardan biri esa namoyishkorona osib qo‘yilgani aks etgan video lavhalar jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tezkor surishtiruv ishlarini olib bordi.
Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Muzifa Sultonovaning ma’lum qilishicha, huquq-tartibot idoralari ushbu vahshiylikka aloqador ikki nafar shaxsni aniqlagan. Sud qaroriga ko‘ra, bevosita hayvonlarga qarata o‘q uzgan 33 yoshli M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan aybdor deb topildi. Sud ushbu huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfliligini inobatga olib, unga nisbatan mazkur modda doirasidagi eng yuqori jazo — 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Voqeaning ikkinchi ishtirokchisi, 30 yoshli A.A. esa bir necha huquqbuzarliklar yig‘indisi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Ma’lum bo‘lishicha, mushuklarni otishda foydalanilgan pnevmatik qurol unga tegishli bo‘lgan va u belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Sud unga hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishga sheriklik hamda qurolning noqonuniy aylanishi (MJtK 220-1-moddasi) uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berdi. Shuningdek, pnevmatik qurol musodara qilinib, davlat foydasiga o‘tkazildi.






