Andijon shahrida Cobalt haydovchisi hovlida ikki bolani urib yubordi. Jabrlanuvchilar shifoxonaga yuborilgan, tergov harakatlari ketmoqda.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, mudhish voqea 3-aprel kuni soat 18:47 larda Andijon shahrining «Hamdo‘stlik» mahallasida sodir bo‘lgan. Turar joy binosi hovlisidan chiqib ketayotgan 31 yoshli haydovchi D. M. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili ehtiyotsizlik oqibatida hududda o‘ynab yurgan ikki nafar kichik yoshdagi bolani bosib ketgan.
Jabrlanganlar zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan va hozirda shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi. Mazkur holat yuzasidan bolalarning olgan jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddilar haydovchilarni aholi yashash joylari va ichki yo‘llarda harakatlanayotganda o‘ta hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.






