UNICEF Afg‘onistonda har ikki qizdan biri 18 yoshga to‘lmay turmushga uzatilayotganidan ogohlantirdi. Erta homiladorlik 15–19 yoshli qizlar o‘limining asosiy sababiga aylangan.
Xavfli ko‘rsatkichlar va salomatlikka tahdid
Afg‘onistonda har ikki qizdan biri 18 yoshga to‘lmasdan turmushga uzatilmoqda. Barvaqt nikoh qizlarning ta’lim olishi, salomatligi va kelajakdagi imkoniyatlariga jiddiy xavf solishda davom etmoqda. Bu haqda 11-oktyabr kuni Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lum qildi.
2022–2023-yillardagi so‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 20 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan ayollarning o‘rtacha 28,7 foizi 18 yoshga to‘lmasdan turmush qurgan bo‘lsa, ba’zi hududlarda bu ko‘rsatkich 50 foizga yetmoqda. UNICEF hisobotida ta’kidlanishicha, erta homiladorlik va tug‘uruq bilan bog‘liq asoratlar Afg‘onistonda 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘limining asosiy sabablaridan biridir.
Ta’limga taqiq va iqtisodiy omillar
UNICEF erta nikohlar soni ortishining asosiy sabablaridan biri sifatida “Tolibon” tomonidan qizlarning 6-sinfdan yuqori maktablarda va universitetlarda o‘qishiga qo‘yilgan taqiqni ko‘rsatmoqda. 2026-yil avgust holatiga ko‘ra, 2,6 milliondan ortiq qiz o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Bu Afg‘onistonni dunyodagi o‘rta va oliy ta’lim qizlar uchun yopiq bo‘lgan yagona mamlakatga aylantirgan.
Kambag‘allik va iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ayrim oilalar xarajatlarni kamaytirish maqsadida qizlarini barvaqt uzatishga majbur bo‘lmoqda. Tashkilot ogohlantirishicha, ta’lim va mehnatga bo‘lgan taqiqlar mamlakat iqtisodiyotiga har yili 84 million dollar zarar keltirmoqda hamda 2030-yilga borib 20 ming nafar ayol o‘qituvchi va 5400 nafar ayol tibbiyot xodimi yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. UNICEF ushbu inqirozning oldini olish uchun qizlarga maktab eshiklarini qayta ochishga chaqirmoqda.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q