O‘zbekistonlik san’atkorlar 2025-yilda 154 mln so‘m soliq to‘laganliklari haqida hisobot berishdi

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda daromadlarini deklaratsiya qilgan san’atkorlar soni bir yilda keskin kamaydi. 2025-yilda 305 nafar ijrochi tomonidan 154 mln so‘m soliq hisoblangan bo‘lsa, 2026-yil sentyabridan barcha chiqishlar Soliq ilovasi orqali qayd etilishi shart bo‘ladi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi 2025-yil yakunlari bo‘yicha shou-biznes vakillari tomonidan to‘langan soliqlar miqdorini e’lon qildi. O‘tgan yili jami 305 nafar san’atkor o‘z daromadlari haqida deklaratsiya topshirgan bo‘lib, ular tomonidan hisoblangan soliq miqdori 154 mln so‘mni tashkil etdi. Har bir ijrochiga o‘rtacha 505,6 ming so‘m soliq to‘g‘ri kelmoqda.

Taqqoslash uchun, 2024-yilda deyarli 2 ming nafar xonanda deklaratsiya topshirgan va budjetga 1,1 mlrd so‘m soliq tushgan edi. Ijrochilar faolligining pasayishi fonida soha uchun yangi soliq tartibi joriy etilmoqda.

Yangi loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab barcha ijrochilar va ijodiy jamoalar har bir chiqishini Soliq mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart bo‘ladi. 2029-yilgacha «bitta xizmat — bitta to‘lov» tamoyili asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, har bir konsert yoki tadbir uchun belgilangan miqdorda soliq to‘langach, tizim avtomatik ravishda elektron ma’lumotnoma shakllantiradi. Mazkur tartib yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalarda foydalanuvchilar tomonidan 130 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushgan.

Pressa.uz