Go‘sht importida havo transporti xarajatlarining yarmi budjetdan qoplanadi

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda go‘sht importchilari uchun yangi logistika imtiyozlari joriy etildi. Avgustgacha mol va qo‘y go‘shtini samolyotda tashish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qaytarib beriladi.

O‘zbekiston hukumati go‘sht narxini jilovlash uchun importchilarga «havo yo‘lagi»ni subsidiyalashni boshladi. Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, mahsulotni samolyot orqali tezkor yetkazib beruvchi tadbirkorlarning logistika xarajatlari budjet mablag‘lari hisobidan yengillatiladi.

Yangi tizimga binoan, 2026-yil avgustiga qadar havo transportida olib kelingan har bir kilogramm mol yoki qo‘y go‘shti uchun tashish xarajatining 50 foizi (0,8 dollargacha) davlat tomonidan to‘lab beriladi. Shuningdek, nasldor qoramollarni samolyotda keltirish ham rag‘batlantirilib, har bir bosh chorva uchun 4 mln so‘mgacha kompensatsiya ajratiladi.

Bu chora jahon logistika zanjiridagi murakkabliklar fonida ichki bozorda go‘sht tanqisligining oldini olishga xizmat qiladi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida go‘sht importi uchun 150 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanganini hisobga olsak, mazkur subsidiyalar rastalardagi narx barqarorligini saqlashda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.

Pressa.uz