O‘zbekiston gaz importini keskin oshirdi: xaridlar 4 baravardan ziyodga o‘sdi

Iqtisodiyot

 O‘zbekiston 2026-yilning ikki oyida gaz importini 4,1 baravarga oshirdi. Ichki qazib olish hajmi tushayotgan bir paytda, soha BP va SOCAR bilan hamkorlikka tayanmoqda.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan tabiiy gaz xarid qilish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 baravarga oshib, 202,2 mln dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, ushbu davrda gaz eksporti ramziy ma’noda 7,1 mln dollardan oshmagan.

Importning bunday keskin sakrashi ichki qazib olish hajmining pasayishi bilan bog‘liq. Yil boshidan buyon respublikada 6,9 mlrd kubometr gaz olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 6,7 foizga kamdir. «O‘zbekneftgaz» konlarida qazib olish sur’ati pasayib borayotgani sababli, hukumat vaziyatni barqarorlashtirish uchun xalqaro gigantlarni jalb qilmoqda. Xususan, Ustyurt platosida neft va gaz qazib olish ishlariga Britaniyaning BP hamda Ozarbayjonning SOCAR kompaniyalari taklif etilgan.

Hozirda sohani texnologik modernizatsiya qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Mart oyi oxirida davlat rahbariga taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, yangi quduqlarni ishga tushirish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishdan tashqari, 2D hamda 3D-seysmik qidiruv ishlari jadallashtiriladi. Shuningdek, burg‘ilash jarayonlarini nazorat qilish uchun zamonaviy supervayzing tizimi hamda geologo-gidrodinamik modellashtirish usullari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Pressa.uz