Olmazor tumanida 17–18 yoshli chaqiriluvchilarni dastlabki harbiy ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan yigitlarni qidirishga IIB va mahalla xodimlari jalb etiladi.
Ommaviy hisobga olish va IIB xodimlarining jalb etilishi
Poytaxtning Olmazor tumanida 17–18 yoshli yigitlarni dastlabki harbiy ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya boshlanadi. Tuman hokimining tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yilning oktyabr—noyabr oylarida maktab, litsey, kollej va oliygoh bitiruvchilari, shuningdek, vaqtincha ta’lim bilan qamrab olinmagan yoshlar chaqiruv uchastkalarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Hujjatdagi asosiy urg‘u shu paytgacha ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarning umumiy ro‘yxatini shakllantirishga qaratilgan. Harbiy ro‘yxatga o‘z vaqtida turmagan shaxslarni aniqlash, qidirish va ularni chaqiruv uchastkalariga olib kelish ishlariga tuman ichki ishlar bo‘limlari (IIB), mudofaa ishlari bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari jalb qilinadi.
Tibbiy ko‘rik va avvalgi qarorlarning o‘zgarishi
Mudofaa ishlari bo‘limlari huzurida maxsus hududiy tibbiy komissiyalar tashkil etilib, ular yigitlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va salomatlik darajasini aniqlaydi.
Qarorda, shuningdek, 17–18 yoshdagi barcha fuqarolarni xabardor qilish va jarayon davomida xavfsizlikni ta’minlash choralari belgilangan. Tuman hokimining 2025-yil 10-oktyabrdagi tegishli qarorining 1, 5 va 7-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q