Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzaqov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi hududni obodonlashtirish hamda avtoturargoh tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihasi shartlarini tasdiqladi.
Loyiha Yunusobod tumanidagi «Qashqar» mahallasi, Istiqlol ko‘chasida joylashgan 13 ming kvadrat metr (1,3 gektar) maydonni qamrab oladi. DXSH bitimi muddati 10 yilni tashkil etadi, davlat hamkori sifatida esa Toshkent Invest kompaniyasi qatnashadi. Loyihani amalga oshirish huquqi e-auksion elektron savdo platformasiga boshlang‘ich narxi 514,2 million so‘m bilan chiqariladi.Auksionda g‘olib chiqqan xususiy sherik uch oy muddat ichida loyihaga kamida 10 milliard so‘m investitsiya kiritishi va obyektni to‘liq ishga tushirishi shart. Kelishuv muddati tugagach, barcha barpo etilgan obyektlar davlat hamkori egaligiga o‘tadi.
Infratuzilma tarkibi va kapital qurilishga qo‘yilgan taqiq
Ajratilgan hududda ham transport, ham rekreatsiya funksiyalarini o‘zida jamlagan ko‘p tarmoqli majmualar barpo etiladi. Hududda avtoturargoh, yashil skver, workout zonasi, bolalar maydonchasi, zamonaviy umumlashgan ovqatlanish maskani hamda piyodalar va velosiped yo‘lakchalari joylashtiriladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida engil konstruktsiyalardan yig‘iladigan sport majmuasi qurilishi ko‘zda tutilgan, chunki bu hududda kapital qurilish ishlarini olib borish qat’iyan taqiqlanadi. Investor hududni ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va gullar ekish, panduslar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus to‘xtash joylarini ajratish majburiyatini oladi. Tashrif buyuruvchilar va haydovchilar uchun hudud bo‘ylab kamida ikkita baggi yoki golf-kar turidagi elektromobillar harakatlanib, ularni zarur manzillarga yetkazib qo‘yadi.
Raqamli intellektual tizim va moliyaviy ajratmalar
Avtoturargoh videokuzatuv tizimi va bo‘sh joylar haqida axborot beruvchi LED-ekranlar bilan jihozlanadi. Turargohni boshqarish onlayn va oflayn to‘lovlarni amalga oshirish, mobil ilova orqali joy izlash va yo‘nalishni rejalashtirish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot orqali amalga oshiriladi. Tizim «Pullik to‘xtash joyi» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘liq integratsiya qilinadi. Parkovka tariflari xususiy sherik tomonidan Toshkent shahar hokimligi bilan majburiy tartibda kelishiladi. Moliyaviy shartlarga ko‘ra, tushgan to‘lovlarning 10 foizi Toshkent Invest davlat hamkoriga, yana 5 foizi esa pullik to‘xtash joylari tizimi operatoriga o‘tkazib beriladi. Ijtimoiy majburiyatlar doirasida investor kamida 10 ta yangi ish o‘rni yaratadi, ularning 20 foizi ijtimoiy reestrga kiritilgan fuqarolar uchun ajratiladi.





