Toshkent shahar Kengashi qarorida poytaxt atrofida 100 km uzunlikdagi ikki darajali pullik halqa yo‘li hamda Xitoy kompaniyalari bilan birgalikda tonnellar, yo‘l o‘tkazgichlar va BRT liniyalarini qurish loyihalari ochiqlandi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, poytaxt hokimligi va xalqaro moliyaviy institutlar hamda Xitoyning yirik qurilish korxonalari o‘rtasida umumiy qiymati bir necha milliard dollarga teng bo‘lgan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Loyiha takliflarining eng yirigi — Toshkent atrofida 100 kilometrlik ikki darajali pullik halqa avtomobil yo‘lini barpo etish hisoblanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihaning qiymati 1 milliard dollarni tashkil etadi va u China Railway Construction korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Toshkent shahar hokimiyati vakillari ushbu hujjatlar hozircha yakuniy shartnoma emas, balki ikki tomonlama imzolangan anglashuv memorandumlari ekanligini aniqlashtirib o‘tdi.
Bundan tashqari, Xitoyning SINO-Hunan kompaniyasi bilan yana bir 1 milliard dollarlik yirik memorandum imzolandi. Mazkur loyiha poytaxt transport tizimini tubdan modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi: u o‘z ichiga 7 ta yangi tonnel va 5 ta yo‘l o‘tkazgich qurishni, poytaxtning 16 ta markaziy ko‘chasida 57 kilometrlik tezurar avtobus (BRT) liniyalari uchun maxsus koridorlar ajratishni hamda 279 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilishni oladi.
Infratuzilma dasturiga boshqa xitoylik sarmoyadorlar ham jalb etilmoqda. Xususan, China Construction kompaniyasi tomonidan 500 million dollar miqdorida sarmoya kiritilishi va bu mablag‘lar 3 ta yo‘l o‘tkazgich, 4 ta kemping zonasi qurish hamda 27 kilometrlik yo‘l qismini kapital ta’mirlashga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Shanghai Construction kompaniyasi esa 100 million dollar evaziga kemping markazini barpo etish va 7,7 kilometr yo‘llarni ta’mirlash loyihasini muhokama qilmoqda. Yo‘lbo‘yi hududlarini obodonlashtirish va zamonaviy landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish uchun Xinjiang Hui’er Agricultural kompaniyasi jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga tashrifi chog‘ida China Railway Construction Corporation rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘shanda tomonlar nafaqat 100 kilometrlik halqa yo‘lini, balki poytaxt markazidan qurilishi rejalashtirilayotgan «Yangi Toshkent» xalqaro aeroportigacha bo‘lgan alohida pullik magistral yo‘lni barpo etish, shuningdek, shahar renowatsiyasi hamda maishiy va qurilish chiqindilarini qayta ishlash poligonlarini qurish masalalarini ham ko‘rib chiqqan edilar.




