O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan shifokor va farmatsevt xodimlarning farzandlariga OTM kontraktining 30 foizigacha bo‘lgan qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tizimi ishga tushirildi. Ariza topshirish tartibi bilan tanishing.
Endilikda ushbu soha vakillarining farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalaridagi yillik kontrakt to‘lovining bir qismi davlat tomonidan subsidiyalanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi ushbu subsidiya turidan foydalanish uchun quyidagi asosiy shartlar belgilangan:
-
Staj talabi: Ariza topshiruvchi xodim davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim;
-
Subsidiya miqdori: Yillik kontrakt summashining 30 foizigacha, biroq BHMning 15 baravaridan (6,18 mln so‘mdan) oshmagan miqdorda ajratiladi;
-
Ta’lim muassasalari: Imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va faoliyat yuritayotgan barcha davlat hamda nodavlat (xususiy) oliy ta’lim muassasalari talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu ijtimoiy yordamni olishni istagan soha xodimlari va ularning farzandlari arizalarni masofaviy tarzda, subsidiya.imv.uz elektron portali orqali onlayn shaklda topshirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tibbiyot sohasi xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning oila a’zolari hamda farzandlarining sifatli ta’lim olishini rag‘batlantirish borasida bir qator tizimli choralar amalga oshirib kelinmoqda.




