Soliq qo‘mitasi iste’mol keshbeki tizimi bekor qilinmasligini rasman ma’lum qildi. 186 mlrd so‘mlik blokirovkalar faqat soxta cheklardan foydalangan firgarlarga tegishli.
O‘zbekistonda davlat tomonidan joriy etilgan iste’mol keshbeki tizimini bekor qilish yoki cheklash mutlaqo rejalashtirilmagan. Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda to‘lovlar muzlatilgani ortidan tarqalgan xavotirlarni rad etib, ushbu mexanizm yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda eng muhim vositalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Milliardlab so‘mlik keshbek mablag‘larining vaqtincha to‘xtatilishi faqatgina noqonuniy sxemalarga chek qo‘yish bilan bog‘liq. Ayrim shaxslar ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar uchun joriy etilgan imtiyozdan (PQ-113-sonli qaror bo‘yicha QQSni to‘liq qaytarib olish) g‘arazli maqsadlarda foydalanib, soxta va o‘zgalarga tegishli cheklarni ommaviy skanerlagan. Natijada may oyida 248,5 ming nafar shubhali foydalanuvchi bloklanib, 83,1 mlrd so‘m (aprelda 102,5 mlrd so‘m) keshbek to‘lovi vaqtincha muzlatilgan.
Qonunbuzarliklarning asosiy qismi uchta hududda aniqlandi:
-
Farg‘ona viloyati: bor-yo‘g‘i 5 ta korxona cheklari orqali yig‘ilgan 34,4 mlrd so‘m muzlatildi, halol xaridorlarning 3,9 mlrd so‘mi esa to‘lab berildi.
-
Andijon viloyati: shubhali hisoblangan 23,8 mlrd so‘m ushlab qolindi, qonuniy bo‘lgan 5,8 mlrd so‘mlik keshbek tasdiqlandi.
-
Navoiy viloyati: atigi 13 ta MChJ cheklarini skanerlagan 105 mingdan ortiq kishining 34,8 mlrd so‘mlik keshbek summasi to‘liq to‘xtatildi.
Soliq organlari faqat o‘zining real xaridlari uchun berilgan cheklarni skanerlayotgan halol fuqarolar uchun hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirdi. Tizim avvalgi tartibda ishlashda davom etadi. Fuqarolardan o‘zgalar chekini ro‘yxatdan o‘tkazmaslik hamda soxta cheklar savdosiga duch kelganda soliq idoralarining Komplayens bo‘linmalariga xabar berish so‘raladi.




