So‘nggi:
Farg‘onada 125,4 mlrd so‘mlik soxta QQS sxemasi fosh etildiJamiyatQirg‘iziston O‘zbekistondan olib kelingan 650 kg kolbasani ortga qaytarib yubordiJamiyatJahon banki boshlang‘ich maktablar transformatsiyasi uchun 100 million dollar ajratadiIqtisodiyotShavkat Mirziyoyev iyul oyining ilk kunlarida Gruziyaga safar qiladiJamiyatToshkentda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni muntazam ravishda kaltaklab kelganJamiyatQashqadaryo viloyatida 14 yoshli qiz to‘rt nafar yigit tomonidan zo‘rlandiJamiyatFransiya Shvetsiyani yirik hisobda mag‘lub etib, 1/8 finalga yo‘llanma oldiSportYosh ixtirochi qiz Volkswagen elektromobili bilan taqdirlandiJamiyatYHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov Milliy gvardiyaga birinchi o‘rinbosar etdi tayinlandiSiyosatEldor Shomurodovning goli JCH 2026 guruh bosqichining eng chiroyli goli deb topildiSport

Jahon banki boshlang‘ich maktablar transformatsiyasi uchun 100 million dollar ajratadi

Jahon banki boshlang‘ich maktablar transformatsiyasi uchun 100 million dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonning oltita hududida ta’lim sifatini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak beradi. Umumiy qiymati 378 million dollar bo‘lgan BILIM dasturi boshlanmoqda.

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonning oltita hududidagi boshlang‘ich maktablarda ta’lim samaradorligini oshirish hamda o‘quvchilarning poydevor ko‘nikmalarni egallashi uchun sharoit yaratishga qaratilgan moliyaviy ko‘mak paketini ma’qulladi. Bu haqda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur yordam paketi doirasida Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan 100 million dollar miqdorida imtiyozli mablag‘ ajratiladi. Ushbu investitsiyalar mamlakatda “Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini transformatsiya qilish” (BILIM) dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun Xalqaro ta’limni moliyalashtirish jamg‘armasi (IFFEd) tomonidan 5 million dollar miqdorida grant ajratiladi. Bu IFFEd va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikning ilk namunasidir.

Umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etuvchi BILIM dasturi uchta manba hisobidan shakllantiriladi: O‘zbekiston hukumati ulushi (273 million dollar), Jahon bankining imtiyozli krediti (100 million dollar) va IFFEd granti (5 million dollar). Loyiha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oltita hududda hayotga tatbiq etiladi.

Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi maktablar hamda o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash muassasalarini qamrab oladi. Mazkur hududlar hisobiga respublikadagi jami maktablarning qariyb 45 foizi to‘g‘ri keladi va aynan shu yerlarda bolalar ta’limidagi muammolar hamda maktab infratuzilmasi tanqisligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

2030-yilga qadar BILIM dasturi doirasida quyidagi uchta asosiy yo‘nalishda natijalarga erishish ko‘zda tutilgan:

  • Pedagoglar salohiyati: 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi administratorlarining pedagogik va boshqaruv malakasini oshirish;

  • Infratuzilmani yaxshilash: yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali boshlang‘ich sinflarda qo‘shimcha 27 mingta yangi o‘quv o‘rnini yaratish;

  • Ma’lumotlar asosida boshqaruv: ta’limga oid ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan foydalanish tizimini kuchaytirish, resurslarni samarali taqsimlash uchun statistik tahlillarga tayanib rejalashtirish usullarini joriy etish.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu chora-tadbirlar boshlang‘ich sinflarda (1–4-sinflar) tahsil olayotgan 2 millionga yaqin o‘quvchiga (ularning yarmi qizlar) ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’lim sifatini yaxshilash bilan birga, kelajakda ushbu yoshlarning mehnat bozorida munosib ish topish imkoniyatlarini kengaytiradi.