Toshkentda 13-apreldan 17-aprelgacha to‘rtta tumanda issiq suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Veolia xabariga ko‘ra, IM-2 va IM-4 issiqlik markazlaridagi ta’mirlash ishlari sababli Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Olmazor tumanlari issiq suvdan uzildi.
Poytaxtda bugundan boshlab IM-2 va IM-4 issiqlik markazlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi ushbu chorani jihozlarni modernizatsiya qilish va kelgusi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish zarurati bilan izohladi. Ta’mirlash ishlari yakunlangach, 17-apreldan issiq suv ta’minoti tiklanishi rejalashtirilgan.
Cheklovlar poytaxtning to‘rtta tumanini qamrab oldi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Qorasuv va Feruza massivlari, Yunusobod (1–19-kvartallar), Sebzor, Qoraqamish, Ibn Sino va Beltepa massivlarida yashovchi aholi issiq suvdan vaqtincha uzildi. Shuningdek, talabalar shaharchasi hamda O‘zMU va ToshDTU hududlarida ham suv ta’minoti to‘xtatilgan.







