7-9 aprel kunlari O‘zbekistonning tog‘li tumanlarida sel kelishi kutilmoqda. FVV aholini va haydovchilarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.
O‘zgidromet xizmati agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy haftaning o‘rtalarida respublika bo‘ylab kutilayotgan yog‘ingarchiliklar tufayli bir qator hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li tumanlari kiritilgan.
Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent kabi tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida, shuningdek, Vodiy viloyatlarining deyarli barcha tog‘ oldi hududlarida sel kelish xavfi mavjud. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, kuchli yomg‘ir nafaqat selga, balki pastqam joylarda yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyotkorlik choralariga rioya qilishni so‘ramoqda. Shuningdek, ariqlar va kanallarni chiqindilardan tozalash, suv yo‘llarini ochib qo‘yish tavsiya etiladi. Tog‘li hududlarga safar qilishni rejalashtirayotgan shaxslarga ob-havo sharoitini hisobga olish va xavfli zonalardan uzoqroq bo‘lish uqtirilmoqda.






