Respublikada ushbu hafta yomg‘irli va salqin kelishi kutilmoqda. Sinoptiklar kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq va shamol tezligi 28 m/s gacha kuchayishi haqida ogohlantirdi. Havo harorati haftaning ikkinchi yarmida +13 darajagacha tushadi.
O‘zgidromet mamlakat hududiga nam va salqin havo massalari kirib kelishi munosabati bilan tezkor xabar e’lon qildi. Viloyatlarning aksariyatida yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda jala quyishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Shamol tezligi o‘rtacha 15–20 m/s ni tashkil etsa-da, ba’zi joylarda shiddatli epkinlar 25–28 m/s gacha yetadi. Ayrim tumanlarda chang-to‘zonlar ko‘tarilishi kuzatilishi mumkin. Kunduzgi havo harorati esa bosqichma-bosqich pasayib, +13…+16 darajagacha tushishi prognoz qilinmoqda.







