“Uzbekkosmos” agentligi 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga jahon kosmik sanoatining yetakchi vakillarini taklif etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda agentlik direktorining o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov ma’lum qildi.
Ehtimoliy mehmonlar qatorida Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask, shuningdek Amazon asoschisi va Blue Origin kompaniyasi egasi Jeff Bezos tilga olingan.
Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro astronavtika federatsiyasi rahbari hazil tariqasida kongressning o‘zi Mask tashrifi uchun yaxshi sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan. “Uzbekkosmos”da ta’kidlanishicha, taklifnomalar nafaqat ushbu tadbirkorlarga, balki kosmik sohaning boshqa taniqli vakillariga ham yuboriladi.
Samarqanddagi tadbirda 10 mingdan ortiq ekspertlar hamda AQSh, Yevropa davlatlari, Xitoy, Hindiston va Rossiyaning yetakchi kosmik agentliklari va kompaniyalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda Sidney shahrida o‘tkazilgan astronavtika kongressi Avstraliya iqtisodiyotiga qariyb 27 million AQSh dollari daromad keltirgan. Bu esa Samarqandda bo‘lib o‘tadigan forumning O‘zbekiston uchun iqtisodiy va imijiy salohiyatini ko‘rsatadi.








