Eron Trampning ultimatumi ortidan mintaqadagi barcha iqtisodiy ob’ektlarga zarba berishini e’lon qildi

Dunyo

Eron Trampning ultimatumiga javoban AQSh va ittifoqchilarining iqtisodiy ob’ektlariga zarba berishini aytdi. Hurmuz bo‘g‘ozi yopiq qolmoqda.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy taranglik o‘ta xavfli nuqtaga yetdi. AQSh Prezidenti Donald Trampning 48 soat ichida Hurmuz bo‘g‘ozini ochish, aks holda Eron energetika tizimini yer bilan yakson qilish haqidagi po‘pisasiga Tehron keskin javob qaytardi.

Islom Respublikasi rasmiylari faqatgina harbiy ob’ektlar bilan cheklanib qolmasdan, AQSh va uning ittifoqchilariga tegishli strategik iqtisodiy tugunlarni ham nishonga olishini rasman tasdiqladi.

Qasos zarbalari va energetik qamal ko‘lami Tehron tomoni har qanday kuch ishlatishga nisbatan keng ko‘lamli javob qaytarishini ma’lum qildi. Xususan:

  • Iqtisodiy nishonlar — Isroilning elektr stansiyalari, mintaqaviy aloqa xablari hamda amerikalik aksiyadorlar ishtirokidagi har qanday xususiy kompaniyalar potensial nishonlar ro‘yxatiga kiritildi.

  • Baza bergan davlatlar xavf ostida — o‘z hududini AQSh harbiy bazalari uchun taqdim etgan barcha mamlakatlarning energetika inshootlari qonuniy nishon deb e’lon qilindi.

  • Bo‘g‘ozning blokadasi — jahon neft trafigining beshdan bir qismi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozi, Eronning zarba yegan infratuzilmalari to‘liq tiklanmaguncha yopiq qolishi qat’iy ta’kidlandi.

Bo‘g‘ozning yopilishi dunyo bozorlarida neft narxining misli ko‘rilmagan darajada oshishiga (ralliga) sabab bo‘ldi. Global iqtisodiy inqirozni to‘xtatib qolish maqsadida Xalqaro energetika agentligi strategik zaxiralardan 400 million barrel neftni bozorga chiqarish bo‘yicha misli ko‘rilmagan qarorni qabul qildi. Biroq ekspertlar siyosiy yechim topilmasa, ushbu chora faqat qisqa muddatli natija berishi haqida ogohlantirmoqdalar.

Pressa.uz