Dog‘istonda kuchli suv toshqinlari oqibatida yuz mingdan ortiq aholi chiroqsiz qoldi

Dunyo

Dog‘istonda kuchli yomg‘irlar sababli suv toshqinlari yuz berdi. 110 ming aholi elektrsiz qoldi, Maxachqal’ada suv sathi 1,5 metrgacha ko‘tarildi.

Dog‘iston respublikasida 27-martdan buyon davom etayotgan kuchli yog‘ingarchilik keng ko‘lamli tabiiy ofatga aylandi. Bir sutka ichida hududda oylik me’yordan ikki baravar ko‘p (50 mm dan ortiq) yomg‘ir yog‘ishi oqibatida o‘nlab aholi punktlari suv ostida qoldi. Eng og‘ir vaziyat Maxachqal’ada kuzatilmoqda — shaharning ayrim qismlarida suv sathi 1,5 metrgacha ko‘tarilgan.

Tabiiy ofat energetika tizimiga jiddiy zarar yetkazdi. Eng cho‘qqi pallasida 500 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzilib qolgan bo‘lsa, shanba oqshomiga kelib 110 mingga yaqin aholi hamon chiroqsiz qolmoqda. Maxachqal’a, Derbent va Xasavyurtda elektr uzilishi tufayli suv va issiqlik ta’minoti ham to‘xtab qolgan. Rasmiylar 150 ta vaqtinchalik joylashtirish markazlarini tashkil etib, odamlarni qayiqlarda evakuatsiya qilmoqda.

Infratuzilma ob’ektlari ham talofat ko‘rgan: Xasavyurt — Qodiyurt va Qayakent — Berikey yo‘nalishlaridagi temir yo‘l ko‘priklarining tayanchlari qulab tushgan. Bu esa transport harakatini cheklab qo‘ydi. Shuningdek, Buynakskda ko‘chki, tog‘li tumanlarda esa qor ko‘chkisi xavfi tufayli 20 dan ortiq avtomobil yo‘llari yopilgan. Respublika bo‘ylab yuqori shaylik rejimi amal qilmoqda.

Pressa.uz