Amerikaning Gulf kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish hamda yoqilg‘i va aviatsiya sohalariga yirik investitsiyalar kiritish rejalari haqida e’lon qildi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali dasturida ma’lum qilindi.
Kompaniya mamlakatda kamida 100 ta avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchasini (AYoQSh) ochishni rejalashtirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati taxminan 150 mln dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 50 mln dollar sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Gulf vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi AYoQShlar g‘arb standartlari asosida quriladi. Har bir shoxobcha zamonaviy dizayn va jihozlar bilan ta’minlanadi hamda mahalliy bozor uchun sifatli yoqilg‘i yetkazib beradi. Tarmoqni ishga tushirish yaqin ikki yil ichida rejalashtirilgan.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatlar hokimlari tomonidan qariyb 200 ta ehtimoliy joylashuv nuqtasi taklif etilgan. Bunday miqdordagi maydonlar kompaniyaga eng maqbul hududlarni tanlash hamda mamlakat bo‘ylab muvozanatli qamrovni ta’minlash imkonini beradi.
Kreyg Kramerning ta’kidlashicha, kompaniya ushbu loyihalarni nafaqat tijorat tashabbusi, balki O‘zbekistonning chakana savdo infratuzilmasi va transport sohasini modernizatsiya qilishga qo‘shiladigan hissa sifatida ham ko‘rib chiqmoqda.








